Kirish so’zi

Koreyaga ilk bor 2017-yil bakalavr 4-kurs «3+1 exchange program» uchun kelgan edim. Ochiq gap birinchi kelganimda bu davlat menga yoqmagandi. O’zga millat, o’zgacha qadriyatlar va biz kira olmaydigan qator va qator oshxonalar. Dastur yakunlanib, uyga qaytib borganimda esa, Koreyaga qyatish to’g’ri qaror ekanini sekin asta angladim va 2018 yil kuzda D-2-3 visa bilan magistratura o’qish uchun keldim. Shu kundan boshlab 8 yil davomida, necha bor immigratsiya ofisiga qatnadim va nihoyat 8 yildan so’ng doimiy yashash huquqini beruvchi F-5 visasiga ega bo‘ldim. Ushbu maqolada har bir visada yurgan davrim, muammolar, visani uzaytirish yoki bir visadan boshqasiga o’tish davrida duch kelgan muammolar va ularga qanday yechimlar qilganim haida batafsil yozdim. Umid qilamanki bu tajribam o’qivchi qiziq bo’ladi va o’z visa yo’lini rejalashtirishda manfaatli bo’ladi.

F-5 (영주증) karta

Visa yo‘lim qisqacha

VisaMuddat
D-2-62017.06 – 2017.12
D-2-32018.09 – 2020.08
D-2-42020.09 – 2024.02
E-7-12024.03 – 2025.10
F-2-72025.11 – 2026.05
F-5-152026.06 – hozirgacha

D-2 visadagi davrlarim

Koreyada chet elliklarning juda katta qismini talabalar tashkil qiladi. Shunday ekan bu visa turi deyarli barchaga tanish. Bu bir vaqtning o’zida eng hotirjam va eng muammoli visa deb aytish mumkin.

  • Hotirjam: sababi bu visa egasi bo’lsangiz, biron univeristet talabasisiz va o’qishingiz tamomlanmaguncha Koreya davlatida yashash va visani uzaytirish huquqlariga egasiz. Jiidy bo’lmagan qoidabuzarliklar kechiriladi yoki jarima va ogohlantirish bilan cheklanadi. Undan tashqari student bo’lganlik sababidan, sizdan kutiladigan natijalar ham yuqori bo’lmaydi. Qaysdiri ma’noda o’zingiz ustingizda ishlash uchun eng ko’p vaqtga ega bo’ladigan visa turi shu.
  • Muammoli: bunga sabab shaxsiy ehtiyojlar va imkoniyatlardan kelib chiqadi. Agar sizda o’qishingiz uchun yetarli resurslar bilan ta’minlovchi sponsor bo’lsa muammo yo’q, lekin hammasini o’z qo’lingizga olsangiz ko’p hollarda qonun doirasidan chiqishga majbur bo’lasiz va muammolarga duch kelasiz. D-2 visa egalari uchun ishlash va pul topish imkoniyatlari cheklangan. Bu esa o’z o’rnida ko’plab muammolarga sabab bo’ladi.

“Men omadli talabalardan biri bo’lganman”,- deya olaman. Yo’nalishim kompyuter muhandisligi bo’lganligi sababli magistraturaga kelishdan avval professor bilan kelishuvga erishib, ishlash va izlanish olib borish uchun labaratoriyaga qo’shilganman. Izlanishlarim natijalari shu labaratoriya nomidan chop etilishi evaziga menga oylik stipendiya ajratilgan. To’g’ri ko’p emas, men PhD bo’lib oladigan 1 yillik daromadimni, bakalavr talabalari 2 oylik “sezon” vaqtida topishi mumkin edi. Lekin boshqa tarafdan bu shartnoma meni 5.5 yil davomida muntazam oylik bilan ta’minladi va bor e’tiborimni izlanishlar qilishga va professional skill larimni kengaytirishga va nima maqsadda kelgan bo’lsam shu maqsaddan yurishga imkon yaratdi. O’qishni tamomlab ish qidirganimda esa barchasi bekor ketmagani isbotlandi, bu haqida batafsil pastda davom ettiramiz.

Immigratsiya reydi haqida

Koreyadagi hayotim davomida kunlik ishlarga chiqish menda hech qachon odat bo’lmagan. Ayniqsa magistratura va PhD davrlarida doimo lbaratoriyada ishim bo’lgan va hatto dam olish kunlari ham ishlardim, qisqa qilib aytganda qo’shimcha ish qilishga vaqtim ham bo’lmagan. Lekin “ko’za kunda emas kunida sinadi” deb bekorga aytilmagan ekan. Ana shu ko’za aynan men birozgina qo’shimcha daromadni ko’zlagan kunim sindi. Immigratsiya reydiga to’g’ri kelib 1 tunni “detention center"da o’tkazdim va 1.4mln KRW jarima va ogohlantirish bilan ozod qilishdi. To’langan jarima va u yerda o’tkazilgan vaqt hammasi vaqtlar o’tib esdan chiqib ketdi lekin bu narsa meni “profilim” uchun katta minus bo’luvchi hodisa bo’ldi. O’sha vaqtlar agar o’qishni tamomlab ishga kira olmasam vatanga qaytib ketishim aniq edi. Sababi D-10-1 point sistemasi uchun balim yetmasligi oydinlashib qolgandi.

Ish qidirish jarayoni

2023 yil kuzgi semester davrida PhD ni tamomlash uchun professorimdan “ruxsat” oldim. Barcha talablarni bajarib, bitiruvim aniq bo’lganidan keyin asosiy focusni resume tayyorlashga va ish qidirishga qaratdim. Ish qidirish uchun foydalangan platformalar:

Koreyadagi ish ish e’lonlar platrofmalarida o’zingiz haqingizda ma’lumotlarni to’liq kiritishingiz so’raladi va platformani o’zida CV generatsiya qilinadi. Ko’plab ish beruvchilar ham aynan shu platforma yaratgan CV ga ishonch bildiradi. Shu sababli ham, vaqtingizni ayamasdan imkon qadar to’liq CV tayyorlash tavsiya qilinadi. Resume/CV qanday tayyorladim:

  • Saytdan so’ralgan hamma savollarga to’liq javob berdim
  • O’qishni endi tamomlaganim uchun kompaniya ish tajribasi deyarli yo’q edi, shu sabab projectlarimni to’liq yoritdim
  • Portfolio: O’qish vaqtida yoki shaxsiy qiziqishlar bilan qilgan projectlarimni bitta PPT formatda demo videolar bilan tayyorladim
  • Self-Introduction: O’zimni tanishtirib, qisqa video tayyorladim. Bu meni kandidatim qator royhat orasida ajralib turishi uchun edi

Tayyorgarlik uchun 2 haftadan ko’proq vaqt sarfladim. Yangi hafta dushanba kundan, kompaniyalarga CV jo’natishni boshladim, va LinkedIn da “Open To Work” badge ni yoqdim. Ish qidirish jarayoni timeline ko’rinishida quyidagicha. Kompaniya nomlari A, B harflar bilan qisqartirilgan.

SanaKompaniyaIzoh
2024.01.1510 dan ortiqSaramin platformasi orqali resume jo’natishni boshladim
2024.01.16ABirinchi interview taklifi juda tez keldi
2024.01.16BBir vaqtni o’zida LinkedIn orqali HR menga aloqaga chiqdi va menga mos ish o’rni borligini aytdi
2024.01.17AInterview ga bordim koreys tilida amallab suxbatlashdim. Suxbat qiluvchi ingliz tilida “hello” ni ham bilmas ekan
2024.01.17C, DShu kunni o’zida yana ikkita kompaniyadan interview ga taklif oldim
2024.01.17AKechga yaqin ikkinchi interview uchun taklif oldim. Bu safar LG dagi hamkorlar suxbat qilishini aytdi
2024.01.18BLinkedIn dan qilingan taklif bo’yicha birinchi interview. Juda ijobiy ruhda o’tdi
2024.01.18BInterviewdan keyin HR dan qo’ng’iroq bo’ldi va ikkinchi interview CEO bilan bo’lishini aytdi
2024.01.19ABirinchi kompaniya bilan ikkinchi interview Zoom orqali bo’ldi. Bu safar ham inglizchada gapira olmadim
~~Dam olish kunlari
2024.01.22AIkkita interviewdan so’ng koreys tili bilmaganim uchun otkaz oldim
2024.01.23BInterview bu safar CEO bilan bo’ldi va asosan kompaniya kelajagi va birgalikda nimalar qila olishimiz haqida suxbatlashdik
2024.01.23BCEO bilan suxbatdan keyin kompaniyadan ketmasdan turib jb offer oldim va o’z o’rnida qabul qildim
2024.01.23C, DAllaqachon job offer olganim uchun bu hafta rejalashtirilgan interviewlarni bekor qildim
2024.01.25CInterviewni bekor qilganimdan hafa ekanligi lekin CEO men bilan uchrashmoqchi ekanini aytib, coffee shopda ko’rishishga taklif oldim
2024.01.29CCEO bilan uchrashdik. Ular meni hali ham ishga olishni xoxlashlari va vadalashgan joyimdan ko’proq oylik bera olishlarini aytdi. Men esa, lavz qilganim uchun endi keta olmasligimni aytib uzr so’radim. Bu kompaniyada ishlamagan bo’lsam ham ular tomonidan menga berilga ishonch uchun hursand bo’ldim
2024.02.16BDiplomimni oldim va kompaniya hujjatlari bilan E-7 visa uchun ariza topshirdim
2024.03.06BE-7 Visa arizam tasdiqlandi
2024.03.07BKompaniyada Senior Engineer lavozimida ishni boshladim

Shunday qilib, ish kuniga hisoblasak, hujjat topshirganimdan boshlab 6 kun ichida ishga joylashdim. Qiziq tarafi shundaki, men ishga joylashgan kompaniyaga men hech qachon hujjat topshirmagan edim. Kompaniya hech qachon men tayyorlagan portfolio va videolarni ko’rmagan edi. Bu shunchaki LinkedIn algoritmiga ko’ra profilim HR oynasida ko’rinib qolgani hisoboga bo’ldi. Lekin tayyorgarliklarim bekor ketdi deyish ham hato. Suxbat vaqtida o’zim haqimda savol portfolio present qilib berishimni aytgan edim va bundan keyin men va tajribam haqida ortiqcha savollar ham bo’lmagan edi. Qisqa qilib aytganda interview savol-javob emas balki presenter-listener ko’rinishida bo’lgan edi va qaysidir ma’noda bu kompaniyaga ma’qul kelgan.

Yangi ishni boshlagan vaqtlarim ko’p o’ylar edim, balki C kompaniya taklifini qabul qilib, ko’proq oylik olganim yaxshi bo’larmidi deb. Lekin oradan yillar o’tib, men o’shanda to’g’ri qaror qilganimni tushindim. Bunga ikkita sabab:

  1. Ko’proq oylik qilgan kompaniya haqida ma’lumotlarni 1 yil o’tib hech qayerdan topa olmadim. Website ham yangiliklar ham yo’q edi. Hulosam bo’yicha u kompaniya ko’p o’tmasdan yopilgan
  2. Bir kompaniyada hozirgacha 2 yarim yildan uzoqroq ishlab kelmoqdaman, va bu muddat ichida E-7, F-2 va keyinroq F-5 visalar olishga erishdim va kompaniya doim har qanaqa masalada qo’llab quvvatlab keldi.

Yana bir e’tiborli tarafi, menda kompaniyada ishlash tajribam bo’lmasa ham Senior levelda ishga qabul qilindim. Bunga sabab esa PhD davridagi erishilgan yutuqlar va qatnashgan loyihalar bo’lgan. Shunday ekan, agar siz magistraturani tamomlagan bo’lsangiz va PhD qilish yoki qilmaslik haqida o’ylanayotgan bo’lsangiz, men albatta PhD ham o’qishni maslahat beraman. Sababi, siz bunda 3-4 yil yutqazmaysiz, balki shu muddat tajriba sifatida yoziladi. PhD olgandna so’ng esa, siz endi 0 dan boshlamaysiz.

F-2-7

Odatda F-2 visaga o’tish judayam katta “milestone”-marra hisoblanadi. Sababi bu visa:

  • kompaniya yoki o’qishga bo’lgan bog’liqlikdan sizni ozoq qiladi
  • o’z nomingizda biznes ochish huquqini beradi
  • oila a’zolaringizni osonroq taklif qila olasiz
  • va ko’plab ustunliklar… Qisqa qilib aytganda bu visa o’z nomi bilan “point-based residence”, ya’ni, toki siz yetarli bal to’play olar ekansiz, siz Koreyada resident hisoblanasiz.

Meni tajribamda esa bu hech qachon orzu yoki marra bo’lmagan, F-2 visa men uchun E-7 bilan bir xil darajada hisoblangan. Nega? sababi oddiy, F-2 bilan aynan bir kompaniyada ishlashga majburiyat yo’q lekin point sistema bo’yicha yetarli bal yig’ish uchun baribir qayerdadir ishlayotgan bo’lishingiz kerak. Bu degani, agar F-2 oldim deb hotirjam bo’lsangiz, visa muddatini uzaytirish vaqti kelganda afsus qilasiz. Demak men uchun kompaniyaga biriktirilgan E-7 bilan kompaniyadan mustaqil F-2 o’rtasida farq yo’q. F-2 olganimni sababi esa, shunchaki balim yetarli edi, va qonunan hozirgi visamdan ancha yuqorida turadi, shunday ekan nega olmasligim kerak?

Kutilmagan muammo va kutilmagan yechim

Shaxsiy hisobim bo’yicha umumiy balim 95 edi. F-2-7 uchun minimum 80 bal kerak. Hotirjam edim, lekin har ehtimolga qarshi yonimda E-7 visamni uzaytirish uchun ham qo’shimcha ariza to’ldirib olgandim. Agar F-2 ga qabul qilinmay qolsa shu bir xil hujjatlarni E-7 muddatini yangilash uchun topshirishga tayyor edim.

Mana shu kutilmagan vaziyat sodir bo’ldi. Men o’zim hisoblab borgan point qog’ozini ko’zdan kechirib, hodim birin ketin, hamma ballarni qayta hisobladi va oxirida -20 bal yozib qo’ydi… Birdan hayolimga keldi, axir menda 1.4mln jarima bor edi. Demak menda hozirgi bal 75 va bu F-2 uchun yetarli emas. Men E-7 uchun hujjatni tayyorlashni boshladim. Hodim esa hali tugatmagan edi. Yana bir ikkita hujjatlarni ko’zdan kechirib yana ballarga qaytdi va +15 yozdi. Bunga men hayron bo’ldim.

Keyinroq tushindim, bunga sabab yaqindagina yangilangan “top 1%” universitetlar ro’yhatiga men tamomlagan universitet ham qo’shilib qolgani ekan. Shunda men Koreyadagi top 1% universitetlardan birini tamomlaganman va buni uchun +15 bal olaman.

Shunday qilib, umumiy bal 90 bo’ldi va menga F-2 visa 2 yil muddatga berildi. Lekin 2 yilga yetib bormadi, hali 1 yil ham oxiriga yetmasdan F-5 visaga almashtirishga erishdim.

F-5-15

F5 visa uchun 30 ga yaqin turlar mavjud va har biri uchun talablari har xil. F-2-7 dan farqli, F5 visa turlari ballik sistemaga amal qilmaydi, balki siz tanlagan bir tur uchun siz mos kelasizmi yo’qmi baxolaydi. O’z o’rnida tekshiruv muddati ham visa turiga qarab har xil. Kimdadir 1 oydan kam bo’lsa kimdadir 1 yilga yaqin bo’lishi mumkin. Hozir biz F-5-15 visa turi haqida gaplashamiz va bu talablar faqatgina shu visa turiga tegishli.

F-5-15 – Koreya universitetidan PhD darajasi olganlar uchun residentlik visasi. Bu visa turi boshqa turlariga qaraganda, PhD hurmatidan bir qancha yengilliklarga ega. Jumladan:

  • yillik daromad talabi GNIx2 dan GNIx1 gacha tushirilgan. Agar sizda KIIP darajangiz bo’lsa buni yana 70% gacha tushira kamaytira, lekin menda koreys tili darajam yo’q.
  • Koreys tilini bilishlik majburiyati olib tashlangan
  • Minimum ish bilan ta’minlanganlik haqida talablar olib tashlangan
  • va boshqalar

Tayyorgarlikni ancha oldin boshladim. Sababi GNI talabini bajarish uchun oxirgi yakunlangan yil uchun soliqdan hisobot topshirish talab qilinadi. Bunda oxirgi yakunlangan yil tushinchasi judayam muhim, va siz qaysi sanada hujjat topshirishingizga qarab farq qiladi. Umumiy qoidalar:

  • Har yili mart oyida o’tgan kalendar yil uchun rasmiy q’lon qilinadi va 1-aprel sanasidan boshlab amal qiladi
  • Bu degani har yili mart oyining oxirgi sanasigacha undan oldingi yil e’lon qilingan GNI miqdori hisobga olinadi Tasavvur qiling 2024 yil uchun GNI miqdori ~50mln edi, 2025 yil uchun esa 52.6mln. Agar siz 2026 yil 31-mart sanasida hujjat topshirgan bo’lsangiz, sizni o’tgan yillik daromadingiz 50mln dan ko’p ekanini isbotlasangiz yetarli, lekin agar siz 1-aprel sanasida hujjat topshirsangiz endi 52.6mln dan ko’proq ekanini ko’rsatish kerak bo’ladi. O’z o’rnida, siz daromadingizni isbotlash uchun, soliq idorasidan olinadigan hujjat odatda May oyida tayyor bo’ladi. Ya’ni agar siz 2026 yil 31-mart sanasida hujjat topshirayotgan bo’lsangiz, siz 2024 yil uchun daromadlaringizni isbotlay olasiz holos. 2025 yil uchun esa hali report tayyor emas. Har xolda kompaniyada oylik olib ishlaydiganlarda shunday. Daromad isbotlashni boshqa yo’llari ham bor.

GNI talabini qanday bajardim

Meni vaziyatida 2024 yil uchun daromadim yetarli emasdi, sababi ishni mart oyidan boshlaganman, 2 oylik kam bo’lgani uchun umumiy miqdori GNI ga yetmas edi. Shu sababli 2025 yilgi report tayyor bo’lishini kutishdan boshqa yo’lim yo’q. Buni yomon tarafi esa, hali 2026 mart oyi kelmasidan 2025 yil uchun e’lon qilinadigan GNI summasini bilmas edim/ Qo’limdan keladigan yagona ish, 2024 GNI miqdoridan sezilarli darajada ko’proq daromad hisoblash edi va faqat shu yo’l bilan tavakkal qilmasdan maqsadga erisha olardim.

Asida yillik daromadim kontrakt bo’yicha hozirgi GNI miqdoridan yuqori bo’lsa ham, tavakkal qilmaslik uchun kuz faslini boshidanoq harakatni boshladim. Vaziyatni ish joyimda ma’sul shaxslarga tushintirdim va yoki hozirdan oyligimni oshirib berishlarini yoki 2025 yil uchun menga qo’shimcha bonus berishlarini so’radim. Ular buni juda ijobiy qabul qildi va yordam berishga tayyor ekanini, hozirda oylik kelishuvlar vaqti bo’lmagani uchun ularga bonus hisoblab berish varianti ko’proq ma’qul ekanini aytdilar. Shunday qilib, GNI masalasi judayam oson hal bo’ldi.

Hujjat topshirish va tekshiruv jarayoni

Hujjatlar ro’yhatini 1345 ga telefon qilib oldim. Uzun ro’yhatni o’zim tushinadigan ko’rinishga keltirib raqamlab oldim va tayyorgarlikni boshladim. Ancha uzoq vaqt oldi lekin sekin astalik bilan hammasini tayyorladim. Qayta qayta tekshiruvdan keyin vanihiyat belgilangan kun keldi va hujjatlarimni topshirdim.

Hodim iliqlik bilan yaxshi kayfiyatda kutib oldi. Har xolda F-5 uchun har kuni ham arizachi kelavermaydi. Biroz kamchiliklar bor ekan (bular menga tashlab berilgan ro’yhatda yo’q edi). Lekin bular uchun arizam rad etilmadi. Hujjatlarim qabul qilindi va qo’shimcha hujjatlarni tezroq topshirishim aytildi. Men o’sha kunni o’zida tayyorlab 2 soat ichida qaytib keldim, hodim esa meni ko’rib birdan tanidi va qo’shimcha hujjatlarimni ham qo’shib qo’ydi. Har xolda men ataylab ishdan ruxsat olganman har daqiqam qimmatli, o’zi kompaniyada ishlagan odam 1 soatni ham bekor ketqazmasdan nimadir hujjat ishlarni hal qilib olishga urinadigan bo’lib qolarkan.

Hursand kayfiyatda uyga keldim va birdam 1345 raqamidan sms kelganini ko’rdim. Unda D2 davrida to’lagan jarimam aniqlangani va F-5 arizam qabul qilinishi uchun maxsus kursni (준법시민교육) tamomlashim kerakligi yozilgandi. Men qaytadan 1345 ga qo’ng’iroq qildim, vaziyatni tushintirib, bun qanday kurs, qanday qilib registratsa qilish haqida hamma savollarga javob oldim. Ma’lum bo’ldiki, bu immigratsiya tomonidan tashkil etilgan atiga 3 soatlik seminar ekan va shunchaki qatnashsangiz imtixonsiz certifikat berilar ekan. Imkon qadar yaqinroq sanaga joy band qildim, va seminarga qatnashib o’sha kunni o’zida topshirib keldim. Bu safar mendna hujjatlarni qbaul qilgan hodim emas boshqasi ekan. Unga ham vaziyatni tushintirib topshirdim va qabul qildi. Oradan 1 hafta o’tmasidan 15 iyun kuni visa statusimni tekshirib ko’rgan edim, F-5 (9999-99-99) turgan edi. Va bu 11 iyun, ya’ni qo’shimcha hujjat topshirganimni ertasi kuniyoq tasdiqlangan ekan.

Ariza topshirgan kuni so’raganimda hodim aniq qilib 6 oydan 1 yilgacha oraliqda ko’rib chiqiladi degan edi va shuni uchun ham kamida kuzgi oylarga kutayotgan edim. Nega bunday tez qaror qilindi aniq sababini bilmayman lekin tahminlarim bor. Balkim qo’shimcha hujjat topshirganimda arizam qayta ochilib qaror qilinishi tezlashib ketgandir. Balkim F-5-15 visa turi bo’lgani uchun, bu yigit shundoq ham PhD ni 5.5 yil kutgan deb ortiq kuttirishni xoxlashmagandir. Balki shunchaki F-5 tekshirish talablari yengillashtirilgandir va arizalar tezroq tasdiqlanishni boshlangandir. Keyinroq bilishimcha 1 oy ichida F5 olganlar faqat men emas ekanman, oxirgi paytlar bunday caselar ham ancha ko’payib qolibdi. Shundan kelib chiqadigan bo’lsak, oxirgi tahminim haqiqatga yaqinroq.

Topshirilgan hujjatlar

F-5 Visa uchun umumiy hujjatlar

  • 통합신청서(별지 34호)
  • 여권
  • 외국인등록증
  • 수수료(20만원 + 등록증 3만5천원)
  • 표준규격 사진 1매(3.5X4.5)
  • 영주(F-5)자격 신청자 기본정보 (신청외국인 작성자료)
  • 체류지 입증서류
  • 신원보증서(별지 129호)
  • 신원보증인 신분증 사본 -> 신원보증서 yozib bergan shaxsning ID kopiyasi
  • 품행단정 요건 입증서류 : 해외범죄경력증명서 제출 면제 -> sudlanmaganlik haqida hujjat F-2-7 olganimda topshirganim uchun qayta so’ralmaydi
  • 생계유지 요건 입증서류 : 소득주체별 제출
  • 납세증명서
  • 지방세 납세증명선
  • 체납증명서
  • 소득금액증명서

F-5-15 visa uchun mahsus hujjatlar

  • 박사 학위증 사본 (학위증 원본 및 성적증명서) -> PhD diplom va transcript
  • 소속기업 사업자등록증 사본
  • 재직증명서
  • 4대 보험 사업장 가입자 명부
  • 고용계약서 등 정규직 여부 확인 서류 등

Maslahatlar

Til o’rganing

Bu biroz noodatiy o’qilishi mumkin. Axir men o’zim koreys tilini haligacha bilmayman. Lekin meni holatim maxsus bir guruhga mos keladi holos, umumiy maslahat deb qabul qilib bo’lmaydi. O’zim haqimda aytsam, Koreyada 8 yildan ortiq yashagan bo’lsam ham, haligacha til o’rganishga kuchli ehtiyoj sezmaganman. Doimo atrofimda menga ingliz tilida gapira oladigan insonlar bo’lgan va mendan so’raladigan talablar bu gapirish emas balki ishimni to’g’ri bajarish bo’lgan. Bu menga til o’rganish borasida dangasalik qilishimga yetarli sabab bo’lgan va talabalik davrimdagi yillarimdan foydalanib til o’rganmaganman. Aynan visa masalasida bu muammo bo’lmadi, lekin hayot tarzida doim ehtiyoj seziladi va deyarli har kuni bu menga pand beradi. Toki Koreyada yashar ekansiz albatta til o’rganing. Odamlar bilan o’z tilida gaplasha olish ular ko’ngliga yo’l topish uchun birinchi qadam.

Aniq maqsad qo’ying

F5 yoki F2 bo’ladimi, siz albatta aynan qaysi visa turi olishingiz kerakligini oldindan biling. Shunchaki F5 olishim kerak degan maqsad yetarli emas. Siz aniq bilishingiz kerak aynan qaysi F-5 visa turini olmoqchi ekanligingizni. Shaxsan meni holatimda 2020 yil PhD o’qishni boshlaganimda barcha F2 va F5 visa turlarini o’rganib chiqqanman va bugungi erishganlarimni o’sha vaqtdayoq reja qilganman. Men shunda ham o’z rejamdan 1 yilga kech qoldim. Agar yanayam mukallamroq reja qila olganimda ynada ertaroq F5 olgan bo’lardim. Aytmoqchimanki, visa masalasi muddati tugashidan 1 oy oldin o’ylanadigan masala emas, buni uzoq muddat oldindan reja qilsangiz maqsadga osonroq erishasiz.

Kasbingizga focus qiling

Visa bilan muammo chiqmasligi uchun birinchi qadam bu Koreyada kerakli shaxs ekanligingizni isbotlay olishingiz. Qo’polroq bo’lsa ham misol keltiraman. Koreya davlati har doim ham zavod yoki pochta ishchilarini topa oladi, buni uchun aynan siz bo’lishingiz shart emas. Lekin siz shunaqa kasbni mukammal egallanki, siz bo’lmasangiz o’rningiz bilinib qolsin. Ana shunda sizga bo’lgan talab yuqori bo’ladi va har qanaqa hujjat bo’yicha muammolaringizni hal qilib beruvchilar topiladi. Aynan dasturchi yoki muhandis bo’ling demayman. Tarjimon bo’ling, o’qituvchi bo’ling, analitik bo’ling, iqtisodchi bo’ling, doktor bo’ling, advokat bo’ling, savdogar bo’ling, kim bo’lsangiz ham o’z kasbingizda eng yaxshilaridan biri bo’ling. Aynan mana shu haqiqiy yutuq. Barcha visalar bonus sifatida keladi.

Oxirgi So’zlar

Avvalambor maqolani o’qib chiqqaningiz uchun rahmat. Agar bundan sizga yordam bera oladigan biron ma’lumot keltirilgan bo’lsa, demak maqsadimizga yetdik. Agar siz ham F-5 ga yetish yo’lida muammolarga duch kelayotgan bo’lsangiz, aslo taslim bo’lmang! Sekin asta barchasiga yechim topiladi va maqsadingizga yetasiz. Men Koreyaga ilk bor kelganimda F-5 vsia haqida o’qib turib, vaqti kelganda 2-3 yil vaqtimni til o’rganishsa sarflashim kerak bo’larkan deb o’ylagan edim. Yoki bir vaqtlar immigratsiya detention markazida o’tirganimda F-5 olish orzusidan voz kechgan ham edim. Lekin bular menga to’siq bo’lmadi, qaytanga judayam yengillik bilan hal bo’ldi. Bu bilan siz ham PhD oling degan fikrda emasman. F5 uchun 30 ga yaqin turlari mavjud va ular orasida sizga mos keladigani ham albatta topiladi. Shunchaki biroz vaqtingizni sarflab yaxshilab o’rganib chiqing va shu maqsad tomon harakatdan to’xtamang. Omad!