Kirish so’zi
Hodimning kayfiyati sizning arizangiz natijasiga ta’sir o’tkazadimi? Ha va yo’q.
- Yo’q -> Immigratsiya hodimlari barchasi judayam chuqur bilimga ega bo’lgan professionallar. Shunchaki charchagani yoki kayfiyati yo’qligi sabab sizni to’g’ri tayyorlangan hujjatlaringizni rad etmaydi.
- Ha -> Agar siz o’zingiz hujjatlaringizni puxta tayyorlamay, hammasini hodim qaroriga tashlab qo’ysangiz, albatta ta’siri bo’ladi.
Ish vaqti tugashiga 30 daqiqadan kam qolgandi. Hodim bugun judayam muammoli hujjatlar bilan ishlab charchagani shundoq ko’rinib turardi. Navbat kutib o’tirganimda o’zim guvoh bo’lgandim oxirgi kelgan 3 ta arizachi juda uzoq vaqt olganini va qayta qayta hujjat kamchiliklarini to’ldirganini. Balki mana shular sabab suxbatni yaxshi boshlay olmadik, iltimoslarim rad etildi, ammo juda yaxshi kayfiyatda hayrlashdik. Shu kuni hodimning kayfiyatiga ijobiy ta’sir o’tkaza olganimdan hursand bo’ldim va o’zim uchun muhim dars oldim. Bu maqolada shu voqea haqida batafsil aytib beraman. Umid qilamanki bu hayotiy tajriba boshqalarga ham visa hujjatlarini tayyorlashda foydali bo’ladi.
Bu aynan bir visa turi haqida emas balki real tajribadan o’tgan hujjat tayyorlash jarayoni va natijasi haqida. Siz qanday ariza bilan borishingizdan qat’iy nazar tahminan shunga o’xshash tayyorgarlik jarayondan o’tasiz va bu tajriba hamma holatlar uchun birdek mos keladi. Shuning uchun ham jarayonni imkon qadar mayda detallarigacha yoritishga harakat qildim.
Voqea
Oilam uchun yangi – residentlik visa olishim kerak edi. Shunchaki eski visani muddatini yangilash judayam oson online amalga oshirish mumkin. Ammo yangi visa turiga o’tish, ayniqsa resident visaga ariza berish boshqa masala, bu mukammal tayyorgarlik talab qiladi va sinchkov tekshiruvdan o’tkaziladi. Shunday ekan bu masalada tavakkal qilib, “balki so’ramas” degan fikr bilan hujjat topshirib bo’lmaydi. Har doimgidek ishni 1345 ga qo’ng’iroq qilib meni holatim uchun kerakli hujjatlar ro’yhatini so’rashdan boshladim.
Hujjat tayyorlash
1345 bilan suxbatlashganimda hodim yashirib o’tirmadi, vaziyatni ochiq aytdi: “sen so’rayotgan visaga o’tish ancha qiyin. Hujjatlarni tayyorlash oson emas”. Aytganicha bor ekan. Shu vaqtgacha bunchalik ko’p hujjat tayyorlamagan edim. Hatto oldindan olingan navbatni bekor qilib uzoqroqqa ko’chirishimga to’g’ri keldi. Lekin ortga yo’l yo’q, faqat oldinga. Avvalambor ishni hujjatlarni guruhlab olishdan boshladim:
- O’zbekistondan keltirilishi kerak bo’lgan hujjatlar
- Koreya ichida shaxsan borib olish kerak bo’lgan hujjatlar
- Online chiqarib olsa bo’ladigan hujjatlar
- Qo’lda to’ldirilishi kerak bo’lgan hujjatlar
Ketma ketlikda tayyorgarlik boshlandi.
- Avvalo O’zbekistondan olinadigan hujjatlarni tayyorladim. Bu borada davlat hizmatlari online amalga oshirilishi yo’lga qo’yilgani ishimni ancha yengillashtirdi. Kerakli hamma hujjatlarni MyGov saytidan yuklab oldim va apostil tayyorladim. E’tibor qiling. Shunchaki oddiy tarjima emas, gap apostil haqida ketmoqda. Bu bo’yicha bir marta dars olganman, hamma hujjatlarim o’z o’rnida, faqat birgina hujjat tarjimasi ustida “apostille” pechati yo’qligi sabab, yana qaytadan tayyorlashimga to’g’ri kelgan edi. Shunday ekan, maslahatim doimo tarjima so’ralgan joyda apostil tayyorlab boring.
- Koreyada ham deyarli hamma hujjatni online olish mumkin, faqatgina tibbiy sertifikatlar bundan mustasno edi. Avvalo bizga kerakli sertifikat beradigan kasalxona topish muammo bo’ldi. Sababi talablar orasida yozilgan barcha kasalliklar va viruslarga qarshi test topshirilgan ma’lumotnoma kerak edi. 보건소 ga qo’ng’iroq qilsam, “bizda bunaqa testlar olinmaydi” deb javob qildi. 병원 larga birma bir bog’landim. Biri aytdi, “bizda hammasi bor, lekin faqat ayollardan test olamiz”, boshqasi aytdi “bizda faqat bittasidan boshqa hamma testlar bor”. Shunday qilib qidirib oxiri Universitetga tegishli bo’lgan katta kasalxonadan topdim. Bu jarayonni o’zi 3 haftaga yaqin vaqt oldi (qidiruv, navbatga yozilish, test topshirish va natijasini kutish) Shortcut. Agar sizga tibbiy ma’lumotnoma kerak bo’lsa, o’ylab o’tirmasdan yaqiningizdagi eng katta 병원 bilan bog’laning. Tibbiy ko’riklar narxlari hammasida deyarli bir xil ekan, shunday ekan, birdan eng kattasiga borish orqali vaqtingizni tejaysiz.
- Qo’lda to’ldiriladigan hujatlarga navbat keldi. Bular ham oson bo’lmadi, shaxsiy ma’lumotlardan boshlab, butun oilamiz tarixigacha so’ralgan savollar bor ekan. Hammasi shoshilmasdan to’ldirildi.
- Vanihoyat online chiqariladigan hujjatlar immigratsiyaga boriladigan sanaga yaqinroq vaqtda olindi.
- Hujjatlarimiz tayyor bo’lsa ham, eski tajribadan kelib chiqib so’rab qolish ehtimoli bor bo’lgan hujjatlarni ham qo’shib qo’ydim. Bular ichiga kompaniya haqida qo’shimcha ma’lumotlar, sug’urta va soliq tolangani haqida hujjatlar, oyliklarim har oy bank hisobimga tushib borishini isbotlovchi oxirgi 1 yillik bank transaksiyalar kirar edi.
Hujjat topshirish
Navbat kechki soat 4 dan keyinga olingan edi. Belgilangan vaqtdan yarim soat erta bordim, sababi hali navbatim kelmasidan qilinadigan ishlar ham bor.
- Avvalo o’sha yerda rasmlarga tushildi
- To’lovlar oldindan tayyorlandi
- Arizaga rasmlar yopishtirildi
- Barcha hujjatlarga imzo qo’yilgani ko’zdan kechirildi va sanalari mos ekanligi qaytadan tasdiqlandi Shu bilan hammasi tayyor. Endi navbatimiz chaqirilishini kutib tursak bo’lgani.
Birdan afsus qildim. Nega? — kechki vaqtga navbat olganim uchun. Odatda har bir arizachi uchun 12 daqiqadan ajratiladi, lekin har doim ham 12 daqiqa ichida ish hal bo’lmaydi. Kimlar uchundi kamroq kimlar uchundir esa ko’proq vaqt talab qiladi. Aynan o’sha kun hamma uchun ko’proq vaqt talab qiladigan kun ekan. Navbat yozilgan vaqtdan 1 soatdan ham ko’proq vaqt kutishimizga to’g’ri keldi va birinchi navbatimiz 17:30 dan o’tganda yetib keldi.
Lifehack. Immigratsiyada ertalabgi vaqtdan navbat olishga harakat qiling. Ayniqsa agar bir kunga ko’p ishlar reja qilgan bo’lsangiz. Kechki vaqtda navbatingiz belgilangandan ertaroq kelishi ham yoki soatlab kechroq kelishi ham mumkin. Buni siz oldindan bila olmaysiz. Faqatgina ertalabgi navbatlar o’z vaqtida chaqiriladi. O’z o’rnida hodimlar ham yangi kun boshidan yaxshiroq kayfiyatda bo’ladi.
Navbat kelishidan oldin kutib o’tirganda, aynan meni navbatim chaqirilgan hodim 3 ta judayam muammoli arizachini qabul qilganini ko’rgan edim. Muammoli ekanini qayerdan bildim? bu qiyin bo’lmadi. Uchalasi ham bir guruh ekan va tushinishim bo’yicha hammasi bir xil vaziyat bilan kelgan edi. Birini o’rniga boshqasi qaytib kelib hujjatlarini kamini to’ldiraverganidan muammoli ekanini va hodim kayfiyatini buzayotganini bilish qiyin emasdi. Atiga uchta arizachi bilan 1 soatga yaqin vaqt o’tkazishni o’zi ham qanchalik muammoli bo’lganini anglatadi.
Men ham aslida ikkita ariza bilan kelgan edim, va hodimdan ikkita “call number” bir ekanini va ikkalasini ham birdan qabul qila olishini so’radim. Hozirgina shunga o’xshash “case” dan charchagan hodim, qo’polgina qilib, birdan “yo’q, bitta raqam uchun bitta arizachi” deb aytdi. Shu o’rinda aytib o’taman, navbatni 20 daqiqa oraliq bilan olganim foyda berdi. Tasavvur qiling, agar bir ariza bilan o’tirgan vaqtimda, ikkinchi raqamni boshqa hodim chaqirib qolsa, qanday qilib ikkita joyda paydo bo’lardim?
Hujjatlarni topshirdim va jimgina kutib o’tirdim, hodim kuni bilan charchagani bilinib turardi. Shunday bo’lsa ham uzoq vaqt olmadi. Birma bir hamma hujjatlarni ko’rib chiqdi va tahminan 5 daqiqa ichida, qabul qilinganlik haqida ma’lumotnoma berib, ketaverishimni aytdi. Birinchi ishimiz ijobiy hal bo’lganidan hursand bo’lib, ikkinchi navbatni kutdim, uzoq vaqt olmadi. Omadni qaranki, ikkinchi raqam ham aynan o’sha hodimga to’g’ri kelsa bo’ladimi?
Sekingina bordimda, “yana keldim” deb aytdim. Salgina oldin ikkita arizam borligini aytganim uchun vaziyatni birdan tushindi va u ham yana o’ziga to’g’ri kelganimdan hayron bo’lib qabul qildi. Bu safar kayfiyati biroz yaxshiroq edi. Hujjatlarni berdim va yana kutishni boshladim. Bu safar ham uzoq vaqt olmadi. Biroz kutgandan so’ng, yana bir marta qabul qilinganlik haqida ma’lumotnoma berdi. Qiziq qismi mana shundan keyin boshlandi.
Kutilmaganda hodim, “엄청 완벽해요. 오늘 처음이에요” (“judayam yaxshi tayyorlabsan, bugun menga birinchi marta shunday ariza keldi” ma’nosida) deya kompliment berdi qo’li bilan 👍 “zo’r” ishorasini ko’rsatdi. Men rahmat aytdim va hodimga qaraganimda, butunlay boshqa odamni ko’rdim. Birinchi kelib salomlashganimda, kun bo’yi ishlab charchagan, kayfiyati yo’q hodim o’rnida, energiyaga to’lgan, yaxshi kayfiyatdagi muloyim hodim turgan edi. O’sha kuni nafaqat o’z ishimni ijobiy hal qila oldim, balki bir insonni kuni yaxshilanishiga ham sababchi bo’lgandim. Men shirin gap bilan ko’nglini olmadim, yoki sovg’a berib kayfiyatini ko’tarmadim. Shunchaki hujjatlarimni puxta tayyorladim, hodimda hech qanaqa savol qoldirmadim, va ishini yengillashtirib berdim. 3-4 daqiqa nimaga hujjatni bu ko’rinishda qabul qila olmasligini tushintirish o’rniga endi issiqqina choy ichib biroz nafas rostlashi mumkin edi.
Tajriba
Bu voqeani eslasam, doim meni hodim aytgan gaplari o’ylandiradi: “오늘 처음이에요” – “bugun birinchisi”…
O’sha vaqtda soat 6 ga yaqinlashib qolgan edi va mendan keyin yana 2-3 ta ariza qabul qilib ish kunini yakunlaydi. Nahotki ertalabdan kechgacha bironta ham to’liq tayyorlangan ariza qabul qilmagan bo’lsa? Albatta qabul qilgan, lekin hodim ko’zi bilan emas balki arizachi tarafdan qaralganda to’liq arizalar kelgan. Bu qanaqa bo’ladi? Biz arizachi sifatida kerakli hamma hujjatlarni tayyorlaymiz, va immigratsiya ofisida qilish mumkin bo’lgan ishlarni “so’raganda qilaman” deb ochiq qoldiramiz. Bular ichida tolov qilish, rasmga tushish yoki rasmni yopishtirib arizaga imzo qo’yish kabilar kiradi. Hujjatlaringiz to’liq bo’lsa, tabiiyki hodim tolov qilib kelishizi aytib kutib turadi yoki keyingi arizachi bilan ishlab turadi. Siz qaytib kelganizda yana qayta hujajtingizni ochib tasdiqlashi kerak bo’ladi. Bu ishlar 1-2 daqiqa vaqt oladigan arzimagan bo’lishi mumkin, lekin tasavvur qiling, kuniga 30 ta odamga 2 daqiqadan ortiqcha vaqt sarflasa 1 soat bo’ladi. Demak biz uchun arzimagan ishlar hodim uchun har kunidan soatlar yo’qotishga sabab bo’ladi.
Maslahatlar
Always Overdo. Bu men uchun visa hujjatlari bilan ishlashda doimiy qoida. Misol tug’ilganlik haqida givohnoma uchun oddiygina tarjima qilingan hujjat topshirilsa ham qabul qilinaveradi, lekin men uchun overdo bunda apostil tayyorlash bo’ladi. Balki tarjimaniyam qabul qilar, lekin qabul qilmasachi? Shunchaki birgina shubhalanish, o’zim uchun yana 2 haftalik ovoragarchilikka sabab bo’lishi mumkin. Yoki, sug’urta haqida hujjatlar, bank transaksiyalar doim ham so’ralmaydi. Lekin mabodo so’rab qolsachi? Shunchaki online chiqarib olishim mumkin bo’lgan hujjat uchun yana qayta immigratsiya ofisiga borishimga to’g’ri kelishi mumkin. Shuning uchun ham men doimo keragidan ham so’ralganidan ham ortiq tayyorgarlik bilan borishni ustun ko’raman va barchaga shuni maslahat beraman.
Kichik detallarga e’tibor bering. Hujjatlarni hammasiga sana qo’yilganiga, rasm kerak bo’lsa, u albatta yopishtirilganiga, to’lovlar oldindan to’langaniga va shunga o’xshash arzimas deb ko’rinuvchi detallarga albatta e’tibor bering. Sababi mana shu ko’zga ko’rinmas muammolar bilan hodimlar har kuni har bir arizachi bilan qayta qayta duch keladi. Siz u yerga yilda bir borasiz, lekin hodimlar sizga o’xshagan arizachilar bilan kuniga yuzlab gaplashadi. Kichik muammolar katta muammolarga sabab bo’lishi hech gap emas. Yana bir detalni misol qilaman. Men doimo hujjatlar ketma ketligiga ham e’tibor qilaman. Hodim hattoki hujjatlar o’rnini ham almashtirishiga ehtiyoj qoldirmaslik orqali siz qanchalik mukammal tayyorlanganizi ko’rsatishingiz mumkin.
Ertaroq boring. Immigratsiyaga boradigan vaqtda oldindan reja qilib, navbat vaqtidan kamida yarim soat erta boring. Avvalambor tolov qilish, yoki rasmga tushish uchun navbat ko’p bo’lishi mumkin. Siz erta borish orqali shoshilmasdan barchasiga ulgirasiz. Undan tashqari, qo’shimcha vaqt sizga hujjatlaringizni oldindan o’zingiz tekshirib olishizga imkon beradi. Balki qayerdadir imzo qo’yilmagan joyi bordir balki to’ldirilmay qolib ketgan savol bordir. Mana shu kichik detallarni to’ldirib hujjatlaringizni ideal holatga keltirish uchun ham mana shu vaqt siz uchun muhim.

Izohlar
Izohlar Telegram kanalimizdan olinadi. Muhokamaga qo‘shilish uchun Telegram orqali kiring.
Muhokamani Telegramda ochish