Kirish so’zi

“Visamni yangilash uchun mendan bank schetda ko'rsatilgan pul oila a'zolarimdan kelganligi haqida isbot bo’luvchi hujjat talab qilindi. Lekin men Koreyaning o’zida tanishlarimdan qarz olib 1 kunlik bank schet tayyorlagan edim. Endi qanday qilib isbot ko’rsatsam bo’ladi?” — bu D2 visa yangilashda doim takrorlanib turadigan muammoli vaziyatlardan biri.

Bu maqolada kasalni davolash emas, uning oldini olish haqida gaplashamiz. Ya’ni yuqoridagi vaziyatga tushmaslik uchun hozirdan boshlab qanday tayyorgarlik ko’rishingiz mumkinligi haqida. Qanday qilib bank schet yoki sponsor masalasida ortiqcha savol qoldirmaslik mumkin? Nega 1 kunlik bank schet tayyorlashning o’zi yechim emas? Bank schet so’ralmasligi uchun nimalar qilish kerak? Post oxirigacha shu savollarning barchasiga javob topasiz. D2 visada bo’lsangiz va xarajatlar uchun qonuniy kirimingiz bo’lmasa demak bu tavsiyalar siz uchun foydali.

Yuqoridagi vaziyat, agar siz ham shunday vaziyatga tushgan bo’lsangiz, bank schet tayyorlaganda pul kimning yoki kimlarning nomidan tushganligiga qarab har kim uchun har xil to’g’ri yo’l bo’lishi mumkin. Umumiy holatda, kirimlaringiz ishonchli homiy nomidan ekanini isbotlovchi hujjat va tushuntirish xati tayyorlash orqali masalani hal qilish mumkin.

Umumiy ma’lumotlar

Bank schet kimlar tayyorlaydi?

Bu hamma uchun majburiy emas. Qoidaga ko’ra C-level va undan yuqori talabalar (CGPA 2.0 dan baland) ozod qilinadi. Lekin bu hamma uchun ham bir xil amal qilavermaydi. Immigratsiya xodimi vaziyatdan kelib chiqib har kimdan baholaridan qat’iy nazar bank balans va oxirgi 6 oylik kirdi-chiqdi hisobotlarini talab qilish huquqiga ega. Yanayam ochiqroq aytsak, quyidagi faktorlar sizdan bank schet talab qilinishiga sabab bo’lishi mumkin:

  • Qaysi davlat fuqarosi ekanligingiz va sizning vatandoshlaringiz Koreya immigratsiyasi oldida qanaqa statusga ega ekanligi
  • Qaysi o’qishda qanday dasturda o’qiyotganingiz
  • Bir semestr uchun nechta fan olayotganingiz
  • O’qiyotgan fanlaringiz hafta kunlariga qanday taqsimlangani

Umumlashtirib aytsak, hujjatlaringizni ko’rib chiqqanda xodimda siz o’qishdan bo’sh vaqtlaringizni qanday o’tkazayotganingiz haqida shubha uyg’otuvchi barcha faktorlar ahamiyat kasb etadi. Siz shunchaki oynaga qarab o’zingizni immigratsiya xodimi deb tasavvur qiling va yuqoridagi mezonlar bo’yicha o’zingizni baholang. Agar bank schet tayyorlashim kerak ekan degan xulosaga kelsangiz tavsiyalarimizni albatta inobatga oling.

Bir kunlik bank schet haqida

Qisqa qilib aytaman, agar “oxirida bitta bank schet qilib topshiraveraman” deb o’ylasangiz xato yo’ldasiz! Bunday fikrlashdan voz keching.

Immigratsiya xodimi uchun kecha yoki 1 hafta oldin hisobizda 10 yoki 20 mln pul bo’lgani qiziq emas. Ana shu pulni qayerdan olganiz va rostdan ham keyingi 1 yil davomida o’z xarajatlarizga ishlatishingiz qiziq. Lekin xodim kelasi 1 yil davomida har oy hisobizni tekshirib tura olmaydi. Kelajakni tekshira olmas ekan, demak yagona yo’li bank tarixidan xulosa qilish. Agar siz oxirgi 6 oy yoki 1 yil davomida rostdan ham oilangizdan pul olib ishlatib yurgan bo’lsangiz katta ehtimol bilan keyingi 1 yilda ham shunday qilishda davom etasiz, mana shu haqiqiy isbot. Demak, 1 kunlik bank schet sizga yordam bermaydi, balki oxirgi 1 yillik bank tarixi qanday bo’lgani muhim. Demak bank schet uchun tayyorgarlik 1 hafta oldin emas 1 yil oldin boshlanadi!

Yuqorida aytilganidek, bank schet tayyorlash majburiy emas. Agar baholaringiz minimum talabdan yuqori bo’lsa shunchaki bank schet tayyorlamasdan boraversa bo’ladi. Lekin, siz doimo “mabodo so’rab qolsachi?” degan vaziyatga tayyor bo’lishingiz muhim. Agar siz bank hisobotizni “chiroyli” saqlab yursangiz, bank schet masalasi sizni o’ylantirmaydi. Agar so’rab qolsa shunchaki so’raganidan keyin tayyorlab beraverasiz, agar bank tarixini ham so’rab qolsa, uni ham chiqarib beraverasiz, agar pul qayerdan kelganini so’rab qolsa uni ham tayyorlab beraverasiz. Qisqa qilib, eng yomon holatga tayyor bo’lsangiz mabodo degan so’z sizni o’ylantirmaydi.

Chiroyli bank hisobi

Talaba uchun chiroyli bank hisobi bu – bir oyda bir katta kirim va kundalik mayda xarajatlar. Kirim oyda bo’lishi ham shart emas. Balki har haftada, balki 6 oyda, muhimi esa shu kirim qayerdan kelayotgani. Har kimning vaziyatiga qarab har xil bo’lishi mumkin, lekin hamma ham yashash uchun xarajat qiladi va bu pulni qayerdandir oladi. Agar sizda:

  • qonuniy isbotlay oladigan shaxsiy daromadlaringiz bo’lsa
  • Koreyada qonuniy daromad qiluvchi oila a’zolaringiz bo’lsa
  • sizga uchinchi shaxs sponsor tomonidan xarajatlaringiz to’lansa
  • qandaydir stipendiyalarga ega bo’lsangiz

Va boshqa qonun doirasi ichida xarajatlaringiz to’lanayotganini isbotlay oladigan imkoningiz bo’lsa demak sizga bu muammo emas. Shunchaki o’sha “kirim” kimdan yoki qayerdan ekanini ko’rsatib berasiz va bo’ldi – sizdan ortiqcha savol so’ralmaydi.

Qonuniy kirim bo’lmasachi? Bunda siz mantiqiy kirimlarga tayanasiz. Bunda eng oson yo’llaridan biri, har safar qo’lingizga pul tushganida ATM orqali bank kartangizga naqd pul deposit qilish va o’sha puldan oylik xarajatlaringizga ishlatish. Sizdan bank tarixi so’ralganda: naqd pul depositlar va mayda xarajatlar. Oxirgi 1 yil faqat naqd deposit qilingan bo’lsa albatta shubha paydo bo’lishi mumkin. Lekin bu tanimagan odamdan tushgan pulni isbotlash uchun o’sha odam sizga kim bo’lishini isbotlashga urinishdan ancha oson. Naqd pul juda ko’p yo’llar bilan kelgan bo’lishi mumkin va buning asosini isbotlash to’liqligicha o’z qo’lingizda. Lekin aldashga urinmang! Siz uzoq yillik tajribaga ega “psixolog” darajasidagi xodim oldidasiz. Sizning maqsadingiz xodim savol bermaydigan hujjat tayyorlash va shubha uyg’otmaslik. Savollar paydo bo’lsa imkon qadar haqiqat doirasida javob bering, qo’shimcha hujjatlar so’ralsa, asosli isbotlar ko’rsating.

Tajriba. D2 visani faqat 6 oylik bank tarixini ko’rsatish hisobiga bank schet tayyorlamasdan yangilagan holatlarga ko’p guvoh bo’lganman va tajribamda ham sinab ko’rganman. Agar siz oxirgi 6 oy davomida oyma-oy ishonarli “source” dan pul olayotganingizni ko’rsata olsangiz, xodim uchun bugungi kunda qancha pulingiz borligi qiziq emas. Balki hozir bank hisobizda yetarli pul yo’qdir lekin kelasi oy uchun tasdiqlangan kirimingiz borligiga yetarli asos bor. Bu narsa ko’z ko’rishiga tayyorlangan 1 kunlik bank schetdan yaxshiroq hisoblanadi.