Mening hikoyam

2025-yil sentabr oyida Seul milliy universitetida PhD o‘qish uchun Koreyaga keldim. O‘qishim full scholarship asosida, oylik stipendiyam ham bor. SNUdagi labda tadqiqotlar ham olib boraman. Koreyaga kelganimda ayolim va ikki nafar farzandim O‘zbekistonda qolishiga to‘g‘ri keldi. Oilamni Koreyaga olib kelish uchun 6 oy kutishim kerak edi va shu vaqt davomida F-3 viza uchun tayyorgarlik ko‘rdim. 6 oy o‘tgandan keyin hujjatlarni topshirdik va ayolim hamda ikki farzandim uchalasi ham birinchi urinishda F-3 viza oldi. Shu jarayonda menga boshqalarning tajribasi juda ko‘p yordam berdi, shuning uchun o‘zim qilgan tayyorgarlikni ham yozib qoldirishga qaror qildim.

Umuman olganda, PhD talaba, full scholarship va oylik stipendiyasi bor odam uchun oilasiga viza olish unchalik muammo bo‘lmasa kerak deb o‘ylash mumkin. Lekin atrofimda mendan ham yaxshi moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lib, oilasiga viza ololmaganlar bor edi. Shuning uchun faqat PhD talaba ekanim yoki stipendiyam borligiga ishonib qolmasdan, Koreyaga kelganimdan boshlab 6 oy davomida hujjatlarimni va oilam kelishi uchun kerakli sharoitlarni tayyorlab bordim.

Tayyorgarlik

Bunda menga eng ko‘p yordam bergan narsa boshqalarning tajribasi bo‘ldi. F-3 vizaga oldin topshirganlar, ayniqsa rad javobi olganlar bilan gaplashdim. Qanday hujjatlar topshirgan, nima sababdan rad bo‘lgan deb o‘ylaydi, qayta topshirganda nimani o‘zgartirgan — imkon qadar so‘rab-surishtirdim. Keyin o‘zimning vaziyatimdan kelib chiqib tayyorgarlikni boshladim.

Shu yerda yana bir narsani aytib o‘tish kerak. O‘zbekistondan vizaga hujjat topshirayotgan bo‘lsangiz, viza agentligingizdan aynan sizning holatingizga mos yo‘lni chizib berishini so‘rang. Umumiy “mana shu hujjatlar kerak” degan javob bilan cheklanmasdan, vaziyatingizni batafsil tushuntirib, nimalarni tayyorlash kerakligini imkon qadar aniq so‘rang. Men gaplashgan viza ololmagan vatandoshlarimizning ayrimlarida agentlik tomonidan hujjatlarga biroz yengil qaralgan holatlar ham uchradi. Aksincha, agentlik kerakli hujjatlarni aytgan bo‘lsa ham, ularni yetarlicha puxta tayyorlamagan holatlar ham ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun bu jarayonda hamma mas’uliyatni agentlikka tashlab qo‘yish ham to‘g‘ri emas.

Men F-3 vizaga tayyorlanayotganda bir narsani asosiy deb oldim: Toshkentdagi Koreya elchixonasi sizni deyarli faqat hujjatlaringiz orqali baholaydi. Agar suhbat bo‘lganida, balki vaziyatingizni o‘zingiz tushuntirib, gaplaringiz qanchalik samimiy ekanini ko‘rsata olardingiz. Suhbat bo‘lmaganda esa shu gaplarning hammasini qog‘oz orqali aytishingiz kerak. Ya’ni hujjatlaringiz sizning o‘rningizga gapiradi. Menimcha, F-3 atrofidagi asosiy masala ham ikkita savolga borib taqaladi: oilangizni Koreyada moddiy ta’minlay olishingizga elchixonani ishontira olasizmi va belgilangan muddat tugagandan keyin Koreyani tark etishingizga ishontira olasizmi? Men hujjatlarimni asosan shu ikki savolga javob beradigan qilib tayyorlashga harakat qildim.

1-savol: moddiy ta’minot

Eng ko‘p e’tibor bergan narsalarimdan biri bank hisobi bo‘ldi. Birinchi oydan boshlab oylik stipendiyamni imkon qadar sarflamasdan yig‘dim. O‘zbekistondan ham har oy bank orqali kichik summalarda pul yuborib turildi va xarajatlarimni imkon qadar kamaytirdim. Vizaga topshirishdan bir oy oldin yetmagan qismiga do‘stlarimdan bir oy muddatga qarz oldim (agar shu postni o‘qiyotgan bo‘lsangiz, yordamingiz uchun yana bir bor rahmat 😄). Natijada Koreyadagi hisobimda 40 million KRW atrofida pul tayyor bo‘ldi.

Bu yerda faqat hisobdagi summa emas, oxirgi 6 oylik bank tariximni ham tayyorladim. Hisobimdagi pul 6 oy davomida asta-sekin ko‘payib borgan, tushgan pullarning manbasi ham ko‘rinib turardi. Vizaga topshirishdan bir oy oldin ham hisobimda shu summaga yaqin pul bor edi. Bank ma’lumotnomasini olgandan keyin ham viza natijasi chiqquncha pulni hisobda ushlab turdim.

O‘zbekistonda ham alohida moliyaviy hujjatlar tayyorladik. Ayolim nomiga KDB Bankda 20 ming AQSh dollari qo‘ydik. Pulni vizaga topshirishdan taxminan bir oy oldin qo‘ydik va viza chiqqandan keyin oldik. Bundan tashqari, O‘zbekistonda o‘z nomimda bo‘lgan mol-mulklar haqida MyGov orqali rasmiy ma’lumotlarni olib, ularni ham hujjatlarga qo‘shdim.

Yashash joyini ham oldindan tayyorladim. Oilam kelishidan oldin SNU oilaviy yotoqxonasiga ko‘chib o‘tdim. Bolalar uchun alohida xona, alohida yotoqlar, kitoblar, oshxona jihozlari va kundalik hayot uchun kerakli narsalarni tayyorladim. Yotoqxonada oilaviy yashash uchun sharoit tayyor ekanini ko‘rsatish uchun rasmlarni va yashash joyimni tasdiqlovchi hujjatlarni ham topshirdim.

2-savol: O‘zbekistonga qaytishga ishontirish

Yana bir muhim masala o‘qish tugagandan keyin O‘zbekistonga qaytishimni ko‘rsatish edi. Buning uchun O‘zbekistonda oldin ishlagan tashkilotimdan o‘qishni tamomlaganimdan keyin qaytib ishlab berishim yuzasidan tavsiya xati oldim va uni ham hujjatlarga qo‘shdim.

Koreyadan esa advisor professorimdan qo‘shimcha xat oldim. Unda uning PhD talabasi ekanim, uning rahbarligida tadqiqot olib borishim va o‘qish davomida zarur vaziyatlarda menga yordam berishi mumkinligi haqida yozilgan edi. Bu ham rasmiy talab qilinadigan hujjatlardan biri emas edi, lekin qo‘shimcha sifatida topshirdim.

Natijada ayolim va ikki nafar farzandimga, jami uchta oila a’zomga birinchi urinishdayoq F-3 viza oldik.

Eslatma: yuqorida yozgan hujjatlarimning ko‘pi F-3 viza uchun rasmiy talab qilinadigan hujjatlar emas. Ularni o‘z vaziyatimdan kelib chiqib qo‘shimcha tayyorlaganman. Shuning uchun bu postni “F-3 olish uchun aynan shularni qilish kerak” degan qo‘llanma sifatida qabul qilmasligingizni tavsiya qilaman. Har kimning vaziyati har xil. Balki mening tajribam sizga nima qilish kerakligini ko‘rsatmas, lekin hech bo‘lmaganda nima qilmaslik kerakligi haqida xulosa chiqarishga arziydi.

So‘nggi so‘zlar

F-3 bo‘yicha savolingiz bo‘lsa yoki men tayyorlagan hujjatlar haqida batafsil bilmoqchi bo‘lsangiz, Telegram orqali @rashidtojiboyev ga yozishingiz mumkin.